Yurtimizning turli hududlaridagi arxeologik majmualar, shahristonlar, qadimiy yodgorliklardan topilgan nodir ashyolar, metall va sopol buyumlar, libos va ziynatlar, devoriy bezaklar, uy-ro’zg’or anjomlari, mehnat qurollari, tarixiy materiallar muayyan davrga oid manzaralarni, har bir hududning o’ziga xos tarixi, etnografik xususiyatlarini ko’z o’ngimizda yaqqol tasvirlaydi.
Qadimiy qo’lyozma kitoblar, nodir nashrlar bu tabarruk zaminda ilm-fan, adabiyot, san’at gullab-yashnaganidan hikoya qilsa, naqshinkor o’yma ustunlar, me’morlik ashyolari, bezakdor bosh kiyimlari, liboslar, turli ziynatlar milliy an’ana va qadriyatlarimiz, yurtimizdagi hunarmandlik maktablarining chuqur va mustahkam asosga tayanishidan darak beradi.
Bularni anglagan har bir yurtdoshimiz qalbida jonajon Vatanimizga, bunyodkor, tanti va sahovatli xalqimizga bo’lgan mehr yanada ortadi. Shu yurt farzandi ekanidan qalbi cheksiz faxr-iftixorga to’ladi.
Shu munosabat bilan “O’zbekistonning yetti mo’’jizasi” Aksiyasini e’lon qilamiz. O’zbekistonning boy madaniy merosini butun dunyoga ko’z-ko’z qilish va ularni asrab-avaylashda o’z hissasini qo’shishni xohlagan barcha ishtirokchilarni aksiyada faol ishtirok etishga taklif etamiz!
Aksiya Nizomi
«O’zbekistonning 7 mo’jizasi» Aksiyasi Nizomi
Aksiyani o’tkazish manzili - ZiyoNET ta’lim tarmog’ining “O’zbekistonning madaniy merosi” bo’limi. Aksiyada portalda ro’yxatdan o’tgan barcha faol foydalanuvchilar ishtirok etishi mumkin. Aksiya haqidagi fikrlar ZiyoNET portali, uForum, Facebook, Twitter, Fikr (#merosziyonet va #7mujizaziyonet xeshteglari ostida) internet sahifalarida muhokama qilib boriladi.
1 bosqich – ro’yxatga qanday ob’yektlarni qo’shish haqida foydalanuvchilardan takliflar yig’ish
O’tkazish vaqti – 27 apreldan – 27 iyungacha
Avtorizatsiyadan o’tgan foydalanuvchilar ro’yxatga qo’shish lozim deb hisoblangan O’zbekistonda joylashgan har qanday madaniy ob’yekt haqidagi ma’lumotni “Yangi ob’yekt taklif qilish” maxsus shakli orqali jo’natishlari mumkin. Ma’lumot ob’yektga tegishli fotosurat, tavsif va mazkur meros joylashgan to’liq manzildan iborat bo’lishi lozim.
Ma’lumot bir ish kuni mobaynida moderatsiyadan o’tkazilgandan so’ng, portalda chop etiladi. Moderatorlar taklif qilingan ob’yekt haqidagi ma’lumotlar aniq va yetarli bo’lmagan taqdirda, ularni o’chirish huquqiga ega. Faqat bir tilda taklif etilgan ob’yekt haqidagi ma’lumotlar ZiyoNET RM xodimlari tomonidan tarjima qilinadi (asosiy ma’nosi).
2 bosqich – “O’zbekiston hududlarida joylashgan yetti mo’jiza”ni aniqlash va ovoz berish
O’tkazish vaqti – 29 iyundan – 29 iyulgacha.
Avtorizatsiyadan o’tgan foydalanuvchilar xohlagan ob’yekt uchun ovoz berishlari mumkin - har bir ishtirokchi bir sutkada bir marta ovoz berishi mumkin.
Ovoz berish natijalariga ko’ra, “O’zbekiston hududlarida joylashgan yetti mo’jiza”ga tegishli har bir hududdan yetakchilar tanlab olinadi. Keyinchalik mazkur ob’yektlar navbatdagi “O’zbekistonning yetti mo’jizasi”ni aniqlash qisqa ro’yxatiga kiritiladi. Tanlov tashkilotchilari tanlangan qisqa ro’yxatga qo’shimcha ob’yektlarni qo’shish huquqiga ega.
3 bosqich – “O’zbekistonning yetti mo’jizasi”ga ovoz berish va aniqlash
O’tkazish vaqti – 3 avgustdan – 3 sentyabrgacha.
Ovoz berish uchun qisqa ro’yxatga kiritilgan ob’yektlar ro’yxati e’lon qilinadi. Har bir atorizatsiyadan o’tgan foydalanuvchi xohlagan ob’yekt uchun ovoz berishi mumkin - har bir ishtirokchi bir sutkada bir marta ovoz berishi mumkin.
Natijalarni hisoblash
Ovoz berish natijalariga ko’ra, eng ko’p ovoz olgan yettita ob’yekt rasmiy ravishda “O’zbekistonning yetti mo’jizasi” sifatida tanlab olinadi. “O’zbekistonning yetti mo’jizasi”sifatida tanlangan ob’yektlar Aksiya so’nggida o’tkaziladigan tantanali marosimda e’lon qilinadi.
Homiylik va hamkorlik
Tanlov tashkilotchilari Aksiyani o’tkazish bilan bog’liq hamkorlik masalalari bo’yicha barcha takliflarni qo’llab-quvvatlaydi va muhokama qiladi.
Tanlov tashkilotchilari Nizomga o‘zgartirish kiritish huquqiga ega.
Bog’lanish uchun:
ZiyoNET Resurs markazi,
UZINFOCOM Kompyuter
va axborot texnologiyalarini
rivojlantirish va joriy etish markazi
tel: +998 (71) 238-4226
e-mail: meros@ziyonet.uz